30 iyul – Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashish kuni

Yigirma birinchi asr taraqqiyot asri bo‘lishi bilan bir qatorda, jiddiy global muammolari bilan insoniyatni xavotirga solayotganligi ham hech kimga sir emas.
Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy global muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko‘p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda.
Afsuski, dunyo bo‘ylab beqiyos keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqotlar olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar «zamonaviy qullik», ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoq qolmoqda. Ular orasida ayniqsa ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar, gudaklar(chaqaloqlar) ham borligi achinarli.
Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning aksariyat 80 foizini ayollar va bolalar tashkil qiladi.
O‘tgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi «meros» bo‘lib o‘tdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shug‘ullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.
Xo‘sh bu jinoyatlarning asl sababi nimada? Bu jinoyatlarning asosiy sababi ilmsizlik, ma’naviy qashshoqlik, tubanlik, ochko‘zlik, yengil hayot tarizini o‘ziga kasb qilish, dunyoga haddan tashqari hirs qo‘yish va nafsiga qul bo‘lishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.”
2013 yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan “30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni” deb e’lon qilinishi Butun bir insoniyatni ushbu jinoyatga qarshi kurashishga undab kelmoqda..
Odam savdosiga qarshi kurashish va uning ayanchli oqibatlarini keng ommaga, ayniqsa yoshlar o‘rtasida tushuntirish hamda ushbu mudhish jinoyatning jabrlanuvchilariga aylanib qolishlarini oldini olish hamda “30 iyul – Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan Gurlan tuman tibbiyot birlashmasi tibbiyot xodimlari tomonidan aholi orasida keng qamrovli targ`ibot tashviqot tadbirlari olib borilmoqda.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 apreldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 8 iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda odam savdosiga oid mavjud barcha normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish bilan bir qatorda videoroliklar, filmlar va boshqa ko‘rgazmali qurollar asosida aholini ayniqsa yoshlarni sergaklikka chaqirish, bunday salbiy illatlarga qarshi jamoatchilik asosida kurashish u barchaning oldida turgan muhim majburiyat ekanligini to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Bunday tadbirlardan ko‘zlangan maqsad, aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, aholi orasida targ‘ibotni jonlantirish orqali odam savdosiga qarshi kurash samaradorligini oshirish, fuqarolarning odam savdosi qurbonlari bo‘lishidan asrashga erishish ko‘zda tutilgan.